Payshanba, 25.04.2024, 06:55
maktabim.uz - yangi manzilimiz
Приветствую Вас Гость | RSS
Меню сайта
Категории раздела
Testlar [1]
Testlar
Dars ishlanmalar [2]
Dars ishlanmalar
Ssenariylar [13]
Ssenariylar
Наш опрос
Saytga baho bering
Всего ответов: 296
Мини-чат
Статистика

Hozir saytda: 4
Mehmonlar 4
Foydalanuvchilar: 0

04:59
Amir Temur
AMIR TEMUR

"Amir Temur-bizning sha'n-shavkatimiz,g`urur iftixorimizdir. Amir Temur -xalqimiz dahosining timsoli,ma'naviy qudratimiz ramzidir".

Islom Karimov.

 

     Mazkur 2010 yil 9 aprelda  ulug` sarkarda, O`zbek davlatchiligi tarixining yorqin siymolaridan biri,olamga mashhur katta imperiyani tuzgan din va davlat homiysi, siyosatchi, ilm-fan, san'at, madaniyat va ma'rifat targ`ibotchisi bobomiz Amir Temur tavalludining 674-yillik muborak to`yi  Respublikamizning barcha joylarida;  madaniyat va ma'rifat maskanlarida, oliy va o`rta- maxsus o`quv dargohlarida, maktablarda keng ko`lamda nishonlanishiga va uning sharafiga turli xil sport musobaqalari, bayram tadbirlari o`tkazilishiga katta e'tibor beriladi.Temur va Temuriylar  davridagi ilm-fan taraqqiyoti, madaniyat va maorif sarchashmalarini chuqur o`rganish va shu asosda mustaqil davlatimiz yoshlarini vatanparvarlik  ruhida tarbiyalash, bugun ayniqsa muhim ahamiyat kasb etayotir.

     Shu jihatdan qaralganda ushbu uslubiy qo`llanmadan ARM va AKM mutaxassislari,shuningdek, turli xildagi ma'naviyat va ma'rifat maskanlari  faollari Sohibqiron bobomiz tavallud ayyomi adabiy-tarixiy kechasini tashkil etishda namunaviy,uslubiy tavsiyanoma sifatida  foydalanishlari mumkin. Ushbu uslubiy qo`llanmaning ssenariy qismidagi sahna ko`rinishlarining boshqa xil variantlarini yaratishda Amir Temur hayoti lavhalarining boy manbaalari mavjud. Shuning uchun, adabiy-tarixiy kecha tashkilotchilari o`zlarining imkoniyatlari asosida hamda  ishtirokchilarning yosh darajasini hisobga olgan holda ushbu qo`llanmadan foydalanib qayta tuzishlari ham o`rinlidir.

Kirish.

"Iymon-ul insonni barcha jonlilardan farqlantirib turguchi xususiyatdir. Iymonli odam xiyonat qilmaydi,qarindosh urug`lari,elu-xalqning or-nomusini himoya qiladi, halollik va poklikni fazilat biladi."

 

AMIR TEMUR.

 

"Amir Temur-bizning sha'n-shavkatimiz,g`urur iftixorimizdir. Amir Temur -xalqimiz dahosining timsoli,ma'naviy qudratimiz ramzidir".

Islom Karimov.

 

     Yurtimizning ko`p asrlik hamda ko`p qirrali tarixi jahonshumul tarixiy voqealarga boydir.Mana shunday ko`p asrlik tarixning nurli va ulug`vor sahifalarida ulug` sarkarda bobomiz Sohibqiron Amir Temur faoliyatining ulug` qirralari jilolanib turadi.

     Amir Temur o`z davrining atoqli sarkardasi  hamda olamga  mashhur katta imperiyani tuzgan din va davlat arbobi,ilm-fan,san'at va adabiyotni qadrlagan tarixiy shaxs bo`lishiga qaramay uning shaxsiyatiga nisbatan noto`g`ri qarashlar va "pashshadan fil"yasovchi asossiz tashviqotlar,targ`iblar bilan bo`yab,bo`rttirib ko`rsatildi. Bunday noto`g`ri targ`ibotlar nafaqat g`arb tarixchi yozuvchi va olimlari balki sharq  tarixchilarining ba'zi bir asarlarida ham berildi. Ayniqsa, sovet mafkurasining yetmish yillik iskanjasida Amir Temur shaxsi umuman  insoniylikka xos bo`lmagan qora chizgilar bilan buzib ko`rsatildi. Adolat va haqqoniylik bilan yo`g`rilgan tarixiy faoliyatiga noto`g`ri baho  berildi.  Uning insoniylik va vatanparvarlik a'moliga ta'na toshlari otildi.

     Xorijiy mamlakatlarda chop etilgan aksariyat ko`plab adabiyotlarda Sohibqiron faoliyatiga chuqur hurmat, izzat-ikrom bilan qaraldi. Insof, iymon, diyonat,insoniylik nuqtai-nazaridan xolisona yoritildi. Bu jarayon davom ettirilib, Sohibqiron va uning farzandlari  faoliyatiga qiziqish tobora ortib bormoqda. 1994 yilda Mirzo Ulug`bek tavalludi 600 yilligining yer yuzida keng nishonlanishi bunga yaqqol misol bo`la oladi.

Endilikda batamom parchalanib ketgan sobiq sovet imperiyasi davrida Amir Temur faoliyatiga munosabat batamom buning aksi bo`ldi. Eng avvalo  "SSSRtarixi" "Rossiya tarixi" sifatida o`rganilib, boshqa xalqlarning tarixiga panja orasidan qaraldi. Hatto jahon tarixida munosib iz qoldirgan  buyuk siymolar, tarixiy shaxslar faoliyatlariga bir tomonlama yondashildi. Ular faoliyatlari markazning bevosita ko`rsatmasi asosida yoritildi va baholandi. Amir Temur faoliyatiga ham xuddi ana shu nuqtai nazarda yondashildi. "SSSRtarixi"dan "Amir Temur davlati "degan bo`lim olib tashlangan edi. Aksincha Amir Temurga "Qonxo`r","kallakesar","zolim", "bosqinchi","talonchi" degan ayblar yopishtirildi. Mana shu ayblar fosh bo`lib qolinishining oldi olinib, Amir Temur faoliyati, tarixi uchun muhim ahamiyat kasb etgan ilk manbalar o`zbek tilida chop ettirilib ommaga yetkazilishiga yo`l berilmadi.

O`zbekiston davlat mustaqilligining qo`lga kiritilishi diyorimiz tarixini qanday bo`lgan bo`lsa shundayligicha yoritish, tarixiy haqiqatni aytish uchun to`liq imkoniyatlarni yuzaga keltirdi. Buyuk bobokalon tarixiy faoliyatiga taalluqli bo`lgan ilk manbalar o`zbek tilida nashr etila boshlandi.

Yurtimiz mustaqilligining dastlabki qadamlarida Yurtboshimiz hamda ilm-fan, san'at va adabiyot namoyondalari tomonidan ulug` sarkarda bobomiz  Amir Temur shaxsiga bo`lgan hurmat va e'tibor qayta tiklanib zohiriy va botiniy jihatdan adolatli ma'naviy qiyofa va muhit yuzaga keldi. Mamlakatimizda juda ko`plab joylar:  ko`chalar, xiyobonlar, istirohatbog`lari, maktablar, qishloqlar,fermer xo`jaliklari,harbiy o`quv dargohlari va boshqalar Amir Temur nomi bilan ataldi. Amir Temur sharafiga sport musobaqalari va bayram tadbirlari o`tkazilib kelinmoqda. Temur va Temuriylar davridagi ilm-fan taraqqiyoti, madaniyat va maorif sarchashmalarini chuqur o`rganish  va shu asosda mustaqil davlatimiz yoshlarini vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, bugun ayniqsa muhim ahamiyat kasb etayotir. Zeroki, buyuk  davlat arbobi, xalqimiz madaniyati va ma'naviyati taraqqiyotining benazir qomiysi bo`lgan  Amir Temur bobomizning ijtimoiy-siyosiy merosini o`rganish va uni barcha-barchaning ma'naviy mulkiga aylantirish ehtiyoji ortib bormoqda.

"Xalqaro Amir Temur jamg`armasi"ning hamda "Temuriylar tarixi davlat muzeyi" tashkil etilganligi va boshqa tadbirlar bu borada boshlangan qutlug` ishlarning ravnaqiga ravnaq qo`shadi. Temuriylar tarixi davlat muzeyini tashkil etish haqidagi hujjatda ham xalqimiz ma'naviy qadriyatlarini tarix uchun, kelajak avlodlarning ham undan iftixor etib yurishlari uchun asrash vazifalari alohida ta'kidlangan. Muzeyda Amir Temur va Temuriylar davriga oid ashyo-hujjatlar, osori-atiqalarni to`plash, jahonning turli mamlakatlarida bo`lgan bunday noyob manbalarning o`zini  yoki nusxalarini olib kelish bilan bog`liq ishlarga rivoj berish yo`llari aniq qilib belgilangan. Bu ishlar, shubhasiz xalqimizning ko`nglini ko`taradi, milliy g`urur va vatanparvarlik tuyg`usini kamol toptiradi. Ulug` bobolarimizga munosib farzand bo`lib yetishishga da'vat etadi.

Asosiy qism.

Temur Kesh hokimi Tarag`aybekning o`g`li, Kesh shahri yaqinidagi Xoja Ilg`or qishlog`ida 1336 yil 9 aprelda (736 hijriyning25 sha'bonida) tug`ilgan.

     Amir Temurning ota-onasi haqida gap ketganda, otasi Muhammad Tarag`ayni Chingizxonning harbiy sarkardalaridan biri Qorachor no`yonning nevarasi Burkulning o`g`li deydilar. Shu o`rinda qayd etib o`tish joizki, Chingizxon harbiylarining ko`p qismi turkiylardan edi. Jumladan uning harbiy  boshliqlaridan biri qorachor no`yon ham. Ba'zi bir tadqiqotchilar manbalarni aniq bilmaganliklari sababli buni chalkashtirib keldilar. Uning nevarasi Burkulning ikki o`g`li, ya'ni Muhammad Tarag`ay bilan Amir Bolta edi. Burkul hech qanday mansabda bo`lmay, oddiygina hayot kechirib kelardi. Bu xususda Ali Yazdiyning "Zafarnomasida "bitta to`rtlik bor:

Mirligu shohlikka mayl qilmadi,

Din yo`lin tanlab gushanishin bo`ldi.

Kesh hududi edi uning maskani,

Barcha o`lkalardan xush topdi uni.

 

     Muhammad Tarag`ayni amir Burkulning o`g`li bo`lganligi tufayli ham Ibn Arabshohda "Temur ibn Tarag`ay ibn Abag`ay" deb beriladi. Amir Bolta to`g`risida manbalarda hech qanday ma'lumot uchramaydi. Amir Temurning to`la ismi sharifi berilgan shajarasidan ham ayon bo`lib  turganidek,  Muhammad Tarag`ay oilasi nufuzli, e'tiborli,o`ziga to`q oilalardan bo`lgani ko`rinib turibdi. Bu haqda Davlatshoh  Samarqandiyning  "Tazkirat ush--shuaro "("Shoirlar bo`stoni") nomli asarida shunday deyiladi:

     "...Uning(Amir Temurning) asli Kesh viloyatidan bo`lib, u barloslarning ulugg` amirlaridan amir Torog`oyning o`g`lidir. Chig`atoy ulusida asillik va baland martabalikda barloslardan boshqa qabila bo`lmagan.  Va amir Torog`oy Chingizxonning ulug` amirlaridan Qorajor no`yonning nabirasidir"

     Akademik V.V. Bartol'd barlos qabilasining Turonzaminda muhim o`rin egallaganligini qayd etib, uning asosan Qashqadaryo voqasida joylashganligini,  Amir Tarag`ayning mana shu qabilaning boshlig`i sifatida Kesh begi bo`lganligini ta'kidlaydi.V.V.Bartol'dning  ta'riflashicha, Kesh begi Muhammad Tarag`ay Qoramag`izdan kelgan, pahlavon kelbatli edi. Yana xudojo`y, taqvodor musulmon kishi bo`lib, ilm -fan jonkuyarlari va ijodkorlarini har tomonlama qadrlardi. Shayxlar, din peshvolari, darveshlar bilan doimo muloqotda bo`lardi.

     Sohibqironning onasi Tegina begim Moh bo`lib, bu mu'tabar ayol xususida ma'lumotlar deyarli yo`q hisobi. Muhammad Tarag`ay bilan Tegina begim o`rtasidagi nikoh 1334 yilda bo`lib o`tadi.  Rivoyatlarga ko`ra, Tegina begim chingiziylardan bo`lib, e'tiborli, nufuzli,o`qimishli xonadonda voyaga yetadi. U Muhammad Tarag`ayning ikkinchi xotini edi. Muhammad Tarag`ay bilan Tegina begimning turmush qurishi, ulardan jahongir Amir Temurning tavallud topishi xususida Salohiddin Toshkandiyning  "Temurnoma"sida, yozuvchi Yevgeniy Berezikovning "Temur o`g`lonning tug`ilishi", Poyon Ravshan va Juma qurbonning risolasida va boshqa asarlarida diqqatni jalb etadigan va mulohaza yuritishga undaydigan o`rinlar mavjud.

     Amir Temur 1370 yili Balx hokimi Husayn ustidan erishgan G`alabasidan keyin Balx viloyatini egallab, poytaxtni Samarqandga ko`chiradi. Amir unvoniga ega bo`ladi. Shundan so`ng Temur Chingizxon avlodlari nomidan Movarounnahrni, ya'ni Amudaryo hamda Sirdaryo oralig`ini bir o`zi boshqara boshlaydi. 1386 yildan Temurning mashhur yurishlari boshlanadi, natijada butun Eron, Ozarbayjon, Armaniston, Gurjiston hamda Kavkazorti zabt qilinadi. Hindistonga yurish qilib, 1398 yili Dehli ishqol qilinadi. 1400 yili Kichik Osiyodagi Sivas, Aleppo(Halab), Damashq hamda Bag`dod egallandi. 1402 yili Amir Temur Anqara yonida Turk sultoni Boyazid ustidan g`alaba qozonib, uni asir oldi. 1404 yil oxirida puxta  tayyorgarlikdan so`ng Xitoyga harbiy yurish boshlandi, ammo u1405 yil 18 fevralda O`tror shahrida Temurning vafoti munosabati bilan to`xtadi. Turli ensiklopedik nashrlarda qisqa va lo`nda qilib beriladigan Temurning hayoti va faoliyatiga oid materiallar asosan, shulardan iborat edi.

     Albatta bu qisqa  satrlar Temurdek shaxs haqida,uning qizg`in hayoti va faoliyati to`hrisida keng tasavvur berishi amri maqol.

Ensiklopediyalarda Temur haqida yozilgan qisqa satrlar ortida o`zining olamshumul ishlari bilan dunyoni hayratga solgan, o`z nomini jahon solnomasiga abadul- abad muhrlagan, o`z faoliyati bilan Sharqdagi ko`pgina mamlakatlar va xalqlarning hayoti va taqdiriga bevosita ta'sir qilgan, hattoki g`arbdagi davlatlarning manfaatlariga bevosita aloqador  ishlarni amalga oshirgan ulug` insonning shaxsi turibdi.

Odamlar xotirasida Temurning nomi O`rta Osiyoda markazi-Samarqand shahri bo`lgan kuchli markazlashgan davlat bunyod etilishi tarixi bilan ham chambarchas bog`liq. Mazkur tarixiy voqea Temurning feodal tarqoqlikka, amir hamda beklarning o`zaro kurashi, turli qo`zg`alonlarga qarshi ko`p yillik izchil, ayovsiz kurashi borasida amalga oshdi.

Shu boisdan tabiiyki, Temur va Temuriyzodalar hayoti va faoliyati haqida boy manbalar va adabiyotlar mavjud. Bular Temur davridan  boshlab, bir necha asrlar mobaynida yaratilgan. Bu manba va adabiyotlar o`rta asrning murakkab hamda ulug`  siymosi bo`lmish Temur haqida rang barang  qarashlarni o`zida mujassamlashtirgan .

Turkistonimiz tarixida Sohibqiron  Amir Temurning roli alohida ahamiyatga molikdir. Chunonchi, uning serqirrali va jo`shqin  faoliyati, butun sa'yi harakatlari, eng avvalo, yurt ozodligi va mustaqilligiga qaratilgan  bo`lib, shu ezgu g`oya bilan sug`orilgan edi. O`z aql zakovati, mahorati, shiddatini ishlatib, vatanining hurriyati yo`lida, qanchadan-qancha mashaqqatli va shiddatli bosqichlardan tushkunlikka tushmasdan  sobitqadamlik bilan o`tib, oxir-oqibatda o`z asl maqsadiga erishdi, yurtini chet el istilochilaridan ozod qildi. Mustaqillik yo`lidagi mana shu kurash, intilish tom ma'nodagi tarixiy bir saboqdir.

Amir Temur kuchli shaxs, uzoqni ko`zlab, katta aql idrok bilan ish yurgizadigan usta siyosatdon, dovyurak, mohir lashkarboshi sifatida o`z  xalqi, qo`shin hamda amirlari o`rtasida katta obro`-e'tiborga ega edi. Mana shunday sifatlar va yana ko`pdan -ko`p fazilatlar sohibi bo`lgan Amir Temur Movarounnahrda markazlashgan kuchli mustaqil davlatga asos soldi. Davlatchiligimiz tarixida Sohibqironning o`ziga xos uslublari va yo`l-yo`riqlari, qonun -qoidalari borki, hozircha ular chuqur va har tomonlama mukammal o`rganilgan-deya olmaymiz.

Albatta mustaqilligimiz sharofati bilan Amir Temur shaxsiga, uning faoliyatiga munosabat o`zgardi, u haqda risolalar, ilmiy-ommabop  maqolalar chop etilmoqda. Lekin bular ta'bir joiz bo`lsa, dengizdan bir qatradir. Amir Temur davlati tarixi Sohibqironning o`zi haqida hali ko`p  tadqiqotlar yaratilishi kerak. Zero, uning faoliyatida hozirgi mustaqil davlatimiz, jamiyatimiz uchun ibratli tomonlar bisyor.

Temur zamonida me'morchilik va obodonlashtirish ishlari ayniqsa rivoj topdi, dunyoda tengi yo`q obidalar yaratildi. Samarqandda Go`ri  Amir, Ishratxona maqbaralari, Bibixonim yodgorligi, Jome masjidi, Shahrisabzdagi Oqsaroy , "Dorut Tilovat", "Ko`k Gumbaz",  "Piru Murshid", "Shamsuddin Kulol" maqbaralari shular jumlasidandir. Ular juda katta boyliklar, mashaqqatli mehnatlar evaziga bunyod etilgan bo`lib, Sohibqiron harbiy yurishlarida erishgan zafarlari bilan bog`liqdir. U har bir g`alabasini birorta obida qurish bilan abadiylashtirardi. Chunonchi, Xorazmni Movarounnahrga birlashtirganidan so`ng onasi Tegina begim Moh sharafiga 1380 yilning bahorida  Shahrisabzdagi Oqsaroy qurilishini boshladi. Bu qurilish yigirma yildan ortiqroq vaqtga cho`zilgan.  Muhandisi Tabrizning qo`li gul me'morlaridan biri va naqqoshi Muhammad Yusuf edi. Harbiy yurishlari chog`ida Temur diniy masalalarga o`ta ehtiyotkorlik bilan yondashdi. Ya'ni boshqa dinlarga tazyiq o`tkazmadi. Buni Kavkaz, Hindistonga qilgan yurishlari misolida yaqqol ko`rishlari mumkin. Har bir mamlakatda aqli islom uchun sayyidlar orasidan boshliqlar tayinlanadi. Vahf ahkomini joriy etdi. Uning daromadlari hisobidan madrasa, masjid, xonadonlarni mablag` bilan ta'min etdi, diniy masalalar, xususan islomiy marosimlar, urf-odatlar va shariat qonunlarining bajarilishi ustidan nazorat qiluvchi mansablar joriy etdi. Bunday amallarga boobro`, insofli, diyonatli   kishilarni tayinladi. Ular mutavalliy, muftiy, Qozi kalon, muxtaliy singari nomlar bilan atalardi.

Temur padari buzrukvori Muhammad Tarag`ayning - "Saltanatlar yemiriladi, olimlarning ishlari abadiy holadi ", -degan o`gitlariga qat'iy amal qilganligi bois uning davrida ilm-fan, adabiyot, san'at umuman madaniy qadriyatlar nihoyat rivoj topdi. Ibn Arabshoh so`zlari bilan aytganda, "Temur olimlarga mehribon bo`lib, sayyidu shariflarni o`ziga yaqin tutardi. " Sohibqiron hamma ilm-fandan mukammal xabardor edi. Xususan tarix, falsafa, riyoziyot, qandasa, me'morchilik, falakiyot va boshqa ilmlar, shuningdek, she'riyatni            yaxshi bilardi. Birgina misol. Ibn Arabshoh qayd etganidek, " Temur esa podshohlar va xalqlar siyratlarida bilimdon, sharqu g`arb tarixining otasi va onasi edi         Mustahkam ildizlarimizning biri haqli ravishda jahon e'tirofini qozonib kelayotgan Temur ma'naviyatidir. Bu qudratli manba insoniyat tarixida tengi yo`q markazlashgan davlatchilikka, qonunchilikka asos solish bilan yer yuzining deyarli hamma mamlakatlarida o`rganilib, hozirgi kunda  ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Vatanni sevish, qadrlash, unga sidqidildan xizmat qilish, uni jahon miqyosiga chiqarish          uchun harakat, ozodlik, tenglik, hurfikrlilik, insonparvarlilik, haqiqiy milliy iftixor, mehnatsevarlik, axloqiy poklik, halollik, insofu-diyonat, mehr-oqibat, keksalarga hurmat, yoshlarga izzat, oriyat, sharm va hayo, haqgo`ylik, saxovat, ibolilik, rahm-shafqat, birodarlik, onglilik, ilm-fanni qadrlash kabi ma'naviy fazilatlarni qozonish va ularni takomillashtirishning muhim manbalaridan biri bo`lib kelmoqda. Sohibqiron qoldirgan ma'naviy merosning o`ta qadr-qimmatli ekanligi ham shunda.

     Mana uning farzandlariga qilgan vasiyati:

"-O`g`illarim, millatning rohati va saodatini saqlamoq uchun    sizlarga qoldirayotgan vasiyat va tuzuklarni yaxshi o`qing,aslo unutmang va tadbiq eting.

Millatning dardlariga darmon bo`lmoq vazifangizdir. Zaiflarni ko`ring, yo`qsillarni zanginlar (boylar) zulmiga tashlamang. Adolat va iyilik(yaxshilik)qilmoq dasturingiz, rahbaringiz bo`lsin. "Temur jinoyatchilarga shafqat  qilmasdi. Sohibqironning yetti yillik yurishi mahalida Samarqand hokimi mansabini suiste'mol qilib poraxo`rlik va boshqa nojo`ya qatti harakatlarga yo`l qo`yadi. Temur safardan qaytgach, hammasini aniq sarhisob qilib, bu hokimni osishga buyuradi. Movarounnahr hukmdorlaridan biri oraga tushib, Samarqand hokimining jinoyatidan o`tishini so`rab Sohibqirondan  avf etishini so`raydi. U buning evaziga o`sha  jinoyatchining barcha boyliklari, mol-mulkini va'da etadi. Bundan g`azablangan Temur qo`shimcha farmon bilan jinoyatchini ham, oraga tushgan Movarounnahr hokimini ham namoyishkorona dorga ostiradi. Mamlakat hukmdori ana shunday qat'iyatli bo`lgach, xo`sh qaysi bir amaldor mansabini  suiste'mol qilishi, poraxo`rlik yoki boshqa bir nojo`ya ish qilishga jur'at etadi.

Rivoyatu hikoyatlarda ham Sohibqironning xotin-qizlarga, onalarga munosabati shu tarzda beriladiki, bundan uning bu masalada ham o`ta insoniy  nuqtai nazardan yondashganligi, qur'oni      Karim, Muhammad Alayhissalom hadislari asosida ish tutganligi ko`zga tashlanadi. Ularda hech qanday salbiy fikrlar deyarli bildirilmaydi.

Shuning bilan bir qatorda Temur xotin-qizlarga nisbatan o`ta talabchan ham edi. U ayollarning pokiza, sharm-hayoli, iffatli, hushyor, oqila bo`lishini istardi. O`zi bu borada: "O`g`illarim, nabiralarim va yaqinlarimni uylantirmoq tashvishida kelin izlamoqqa e'tibor berdim. Bu ishni davlat yumushlari bilan teng ko`rdim. Kelin bo`lmishning nasl-nasabini, etti pushtini surishtirdim, xos odamlar orqali sog`liq-salomatligini, jismonan kamolotini aniqladim. Kelin bo`lmish nasli-nasabi, odob-axloqi, sog`lom va baquvvatligi bilan  barcha qusurlardan xoli bo`lsagina el-yurtga katta to`y-tomosha  berib, kelin tushirdim. O`g`illarim, nabiralarim va yaqinlarimga biron tomchi sharob ichib, xotinlariga yaqinlashishini man' etdim. Zero, sharobning ta'sirida bunyodga kelgan farzand nasl-nasabning buzilishiga ta'sir etgay,-debon shu pokiza yo`lni tutdim"-deydi. Ibn Arabshohning yozishicha, Sohibqiron huzurida ayollarni g`iybat qilish, ularni xo`rlash va zo`rlash haqida gapirish taqiqlangan edi. Ukelinlariga nisbatan nihoyatda mehribon va rahm-shafqatli edi. Homilador kelinlarini o`z e'tiboriga olib, ularga g`amxo`rlik qilishni shaxsan oqila Bibixonim zimmasiga yuklardi. Ular uchun har doim  hamma sharoitlar muhayyo bo`lardi.

Temur davlati o`zining eng rivojlangan davrida juda o`lkan hududni o`z ichiga olgan bo`lib, O`rta Osiyodan tashqari, Eron, Ozarbayjon, Iroq va Afg`onistonni qamrab olgan. U bu davlatni o`g`illari, nabiralari va xos amirlari yordamida idora qildi. Buning uchun u saltanatni suyurhol mulklarga, ya'ni uluslarga bo`ldi.

Amir Temur faoliyati yakunlanar ekan Temurning g`aroyib shaxs bo`lganligini qayd etib o`tmoq zarur. Undagi yirik davlat arbobi va sarkardalik iste'dodi quruvchilik, fan va madaniyatga homiylikka bo`lgan iste'dodi saodatli suratda bir-biri bilan uyg`unlashib ketgandi. U barpo etgan markazlashgan feodal davlatda iqtisod, savdo va madaniyat ravnaq topdi, davlatning obro`-e'tibori ortdi. Shu bilan birga Temur tipik feodal arbobi bo`lib, u tuzgan harbiy tuzum juda qattiq harbiy intizomga bo`ysunardi. Temurning Hindiston, Eron, Iroq, Shom va Gurjiston ustiga qilgan harbiy yurishlari mamlakatni kengaytirishga qaratilgan edi.

Xulosa.

Qadimiy Turkistonu Turonzaminning buyuk farzandi Temur tarix sahnasiga kelgach, qariyb bir yarim asrlik mug`ullar hukmronligi va feodal tarqoqlikka barham berib, o`zining qudratli imperiyasini vujudga keltirdi. Uning davlati ijtimoiy -siyosiy jarayonda juda tez ko`zga tashlandi. Eng muhimi osoyishtalik o`rnatilib katta sarhadda yangi bir rivojlanish davri boshlandi. Temur davlati tarixiga butun jahon jiddiy e'tibor berayotganligining sababi ham shundadir.

Savdo-sotiq, dehqonchilik, hunarmandchilik umuman hamma soha jadal rivojlanib, xalqaro miqyosga ko`tarildi. Sohibqironning sa'yi -harakati tufayli buyuk ipak yo`li yo`nalishining Turonzamin tomon burilib, uning sarhadlaridan o`tishi bu borada ayniqsa muhim ahamiyat kasb etdi.

Amir Temurning porloq hayoti, serqirra faoliyati, suronli yurishlari bayonini yuzlab kitoblar, risolalarga sig`dirib bo`lmaydi. Bular hali tarixiy izlanishlarning ihtidosidir.

 

Ulug` Sarkarda Amir Temur tavalludining 674 yilligiga bag`ishlangan tantanali kecha ssenariysi.

 

Zal bayramona tarzda gullar bilan bezatilgan. Amir Temurga bag`ishlab chiqarilgan rangli plakatlar ham mavjud. Kechaga o`quvchi, talabalar, o`qituvchilar, tarixchi olimlar taklif qilinadi.

Zal o`rtasida kodoskop ekran o`rnatilgan. Unda Amir Temur haqidagi videolavhalar, kinofil'mlardan olingan jang tasvirlari hamda Sohibqiron qurdirgan me'moriy obidalar, u yaratgan kitoblar, tuzuklardan namunalar o`qish orqali ekranda birin -ketin namoyon bo`la boshlaydi. Ovoz-("Biz, kim-mulki Turon, Amiri Turkistonmiz. Biz, kim -millatlarning eng qadimi va eng ulug`i-Turkning bosh bo`g`inimiz.",  "Ishbilarmon, mardlik va shijoat sohibi, azmi qatt'iy, tadbirkor va hushyor bir kishi, ming-minglab tadbirsiz, loqayd kishilardan yaxshidir.", "Bir kunlik adolat-yuz kunlik toat ibodatdan afzaldir",  "Qudratimizga shubhang bo`lsa, biz qurdirgan imoratlarga boq" Lavhalar to`xtagandan so`ng ekranda Rustam G`oipovning  Sohibqiron to`g`risidagi qo`shig`i yangraydi. Shuningdek, zalda Amir Temur yaratgan asarlar hamda u haqdagi ilmiy, tarixiy va badiiy asarlar ko`rgazmasi, gazeta va jurnallarda chop etilgan maqolalar ham tashkil etilgan. Qo`shiq yakunlangandan so`ng milliy kiyimda boshlovchi yigit va qiz sahnada hozir bo`ladi.

Boshlovchi yigit:  Assalomu alaykum, hurmatli kecha qatnashchilari. Bugungi bayram tadbirimizda O`zbek davlatchiligi tarixining asoschisi, millatimiz homiysi, ilm-fan, san'at, madaniyat raqnamosi va targ`ibotchisi ulug` Sarkarda bobomiz Amir Temur tavalludining 674 yillik muborak to`yi munosabati bilan yig`ilib turibmiz.

Boshlovchi qiz:  Assalomu alaykum, vatandoshlar, aziz yoshlar, davramizning aziz ishtirokchilari va qatnashchilari. Shonli tariximizning nurli sahifalarida o`chmas iz qoldirgan va qalbimizda abadul-abad muhrlanib qolgan ulug` siymo, buyuk tarixiy shaxs Amir Temur bobomizning  shon-shavkati, qoldirgan bebaho merosi, qilgan yaxshi amallari haqida qancha gapirsak, qancha kuylasak ham kam.

Boshlovchi yigit:  1336 yil,9 aprel. Bu sana endilikda ko`pchilikka ma'lum. O`sha kun Amir Temur ibn Muhammad Tarag`ay Markaziy Osiyoning qadimiy shaharlaridan bo`lgan Kesh shahridan o`n chaqirim,  taxminan 13 km masofada bo`lgan Xo`jailg`or qishlog`ida tavallud topganligi aytiladi. Ayni bugungi  dorilamon kunlarda bobomiz Amir Temur tavalludining muborak 674 yillik yubiley tantanalari barcha joylarda;  madaniyat va ma'naviyat  maskanlarida, oliy va o`rta maxsus ta'lim dargohlarida ommaviy ravishda nishonlanmoqda.

Boshlovchi qiz: Qadimiy Turkistonu Turonzaminning buyuk farzandi Temur tarix sahnasiga kelgach, qariyb bir yarim asrlik mug`ullar hukmronligini va feodal tarqoqlikni bartaraf etib, o`zining qudratli imperiyasini vujudga keltirdi.  Savdo-sotiq, dehqonchilik, hunarmandchilik umuman hamma soha jadal rivojlanib, xalqaro miqyosga ko`tarildi. Sohibqironning  sa'yi-harakati tufayli buyuk Ipak yo`li yo`nalishining Turonzamin tomon burilib,  uning sarhadlaridan o`tishi bu borada ayniqsa muhim ahamiyat kasb etadi.

       Boshlovchi yigit: Temur homiyligida islom dini insonlar qalbida yanada mustahkam o`rin oldi, ilm-fan, adabiyot, san'at, hunarmandchilik, madaniyat rivojlandi, me'morchilik, obodonlashtirish, yo`llar, o`z davri uchun muhim bo`lgan ko`prik va suv yo`llari qurilishi borasida jahonni lol holdiradigan ishlar qilindi. Natijada Sohibhiron Temurning orzulari ro`yobga chiqib, uning o`lkan davlati tanildi. Samarqand va Kesh eng dongdor shaharlar qatoridan o`rin oldi.

     Boshlovchi qiz: Temurdan juda katta ma'naviy meros ham qoldi, uning bu boradagi xizmatlarini bashariyat tan oldi. hozirgi paytda ular jahon xalhlari ma'naviy boyligining ajralmas bir qismidir. Temur ma'naviyati bundan buyon ham mustaqil yurt istiqlol mafkurasining boy va asosiy manbasi bo`lib qolaveradi. Temur va Temuriylar davri  ma'naviyatining mana shunday salohiyati bilan har qancha faxrlansak arziydi.

     Boshlovchi      yigit:   Abdulla  Oripovning  "Sohibqiron" she'ri Sahnaga (ishtirokchilardan birining ismi familiyasi)chorlaymiz.  She'r yakunida sahnada Sohibqiron Amir Temur obrazi hozir bo`ladi. Obraz o`sha davr muhitiga mos ravishda kiyingan bo`lishi lozim.

     Sohibhiron obrazi: Barcha ishlarimning to`qqiz ulushin kengash, tadbir va mashvarat, qolgan bir ulushin esa qilich bilan bajo keltirdim. Kengash ikki turli bo`lur: biri til uchida aytilgani, ikkinchisi-yurakdan chiqqani. Til uchida aytilganini shunchaki eshitardim. Yurakdan aytilgan maslahatni esa qalbim qulog`iga qo`yardim va dilimga joylardim.

     Men hayotim mobaynida besh narsaga e'tiqod qildim va qamishaliq ularga amal qildim. Ular ushbulardir:

     -Olloh-ul har narsaga qodir kuch, sidhidildan sihinsang, istagan murodu maqsadingga yetkazadi.

     -Tafakkur-fikrlash va mushohada qobiliyati, huvvai hofizasi  kuchli inson har qanday mushkulotni oson hal qilish yo`lini topa oladi.

     -Qilich-er yigitning yo`ldoshi, el-yurt osoyishtaligining posboni, har qanday dushmanni mahv etish quroli.

     -Imon-ul insonni barcha jonlilardan farhlantirib turuvchi xususiyatdir. Imonli odam xiyonat qilmaydi. qarindosh urug`lari, elu xalqning or-nomusini himoya qiladi. Halollik va poklikni fazilat biladi.

     -Kitob-barcha bunyodkorlik, yaratuvchilik va aql-idrokning, ilmu donishning asosidir, hayotni o`rgatuvchi murabbiydir.

 

Boshlovchi qiz:

Taxtingizga sizni bilganlar keldi,

Dinu islomdagi o`g`lonlar keldi.

qalbi jur'atlarga to`lganlar keldi,

Assalomu-alaykum , Sohibqironim,

Poyingizni o`par mulki Turonim.

Sohibqiron obrazi,-Menkim, Amir Temur vasiyatim shul erur, O`g`illarim! Millatning ulug` martabasini, saodatini saqlamoq uchun sizlarga qoldirayotgan vasiyat va tuzuklarni yaxshi o`qing,aslo unutmang va tadbiq eting. Millatning dardlariga darmon bo`lmoq vazifangizdir. Zaiflarni qadrlang, yo`hsillarni boylar zulmigatashlamang. Adolat va ozodlik dasturingiz, rahbaringiz bo`lsin. Bularga sodiq qolsangiz, malomat toshlari boshingizga tushmas.

 Sohibqiron obrazi sahnani tark etadi. Vatan to`g`risida qo`shiq yangraydi. Raqs ijro etiladi.

Boshlovchi yigit: -Amir Temur og`ir mashaqqatlarning bariga bardosh berib, sabot matonat bilan pirlari va ustozlari nasihati tufayli fe'l -atvori turlicha bo`lgan amirlarning boshlarini birlashtirib, buyuk va qudratli temuriylar davlatini barpo etdi. Davlat boshqaruvida diplomatik aloqalar, elchilarni qabul qilish ishlarini samarali yo`lga qo`ydi.

 

     Shu o`rinda kichik sahna ko`rinishi namoyish etiladi

 

Sohibqiron huzuriga qo`li ko`ksida ta'zim ila devonbegi kiradi.

Devonbegi:-Olampanoh! Ispaniya elchisi kelmish, huzuringizga kirish uchun izn so`raydir.

Amir Temur: -Kirsin!

Elchi kiradi va ta'zim ila hurmatini bajo keltiradi

Amir Temur: Klavixo, bizning eski birodarimiz. Aytchi, o`g`lim, qirolning ahvoli nechukh Unga jami ezguliklar yor bo`lsin, deyman.

Klavixo: Qirolim ham sizga mudom soqliq tilaydi. Karvon bilan yetib kelgay uning tuhfasi. Zafar muborak, a'lo hazrat.

 Amir Temur: Qulluq, qulluq

Klavixo:  A'lohazrat, bul murag`g`a daftarda Ispan yurtining shaharlari, go`zal manzaralari tasvirlangan.

       Amir Temur:  Hoyat noyob sovg`adir bu, senga tashakkur!

                 Shoyon hurmat ko`rsating Klavixoga,  shohona sarpolar kiygizing.

       Devonbegi: -Zafarni qutlash uchun andijoniylar, bir minora yasamishlar momiq paxtadan.

 Amir Temur: -Faxr eturman men xalqimning san'ati bilan, uning ko`ngli xuddi o`sha paxtadek oh.  Siylovlarni ayamangiz ulardan aslo!

Devonbegi: -O`rusiya vakillari navbat kutmoqda!

O`rusiya elchisi: Zafar muborak,  hazrati Temur! To`yonamiz qabul qiling. Olib keldik oltin ko`zli oltin g`archig`ay va silovsin ma'nasidan tikilgan po`stin.

Amir Temur: -Tashakkurim aytadurman harchig`ay uchun, do`st bo`lg`ay u g`olib Turon burguti bilan.  O`rislarning yelkasiga zarbof to`n tashlang.

     Kimki menga kelib qo`shilsa,u lug`lanadi.

     Kimki men bilan kurashmoqchi bo`lsa, yiqiladi.

Amir Temur obrazi sahnani tark etadi. Sahnaga bir guruh ishtirokchi yigit va qizlar chiqishadi.

1-o`quvchi:  Buyuk jahongir 35-yil O`rta Osiyo hukmdori(1370-1405) bo`lib ko`p o`lkalarni zabt etdi. Samarqand,  Shahrisabz kabi shaharlarda dunyoga dong`i ketgan ajoyib binolar,  madrasayu machitlar qurdirdiki, ular hozir ham barchani hayratga soladi.

      2-o`quvchi:  Samarqand atrofida  "Bohi Chinor ", "Bog`i Shimol",  "Bog`i Behisht", "Bog`i Jahonnamo ", "Bog`i Baland ", "Bog`i Dilkusho", "Bog`i Zohon" kabi go`zal bog`larni barpo ettirdi.

3-o`quvchi:  Shahrisabz shahridagi Oqsaroy, hazrati Shayx, Jahongir maqbarasi Arkoni davlat bilan bog`liqdir.

4-o`quvchi:  qudratli saltanat sohibi dunyoda birinchi bo`lib, hayotlik davridayoq o`zining harbiy san'ati va davlatni boshqarish uslubiga bag`ishlangan maxsus asar yaratdi. U" Temur tuzuklari" nomi ostida shuhrat topadi. "Temur tuzuklari" -Amir Temurning harbiy va siyosiy faoliyati to`g`risida ma'lumot beruvchi noyob asar hisoblanadi.

5-o`quvchi:  U 2-qismdan iborat bo`lib, 1-qismi davlatni barpo etish va mustahkamlash, qo`shinlarni tashkil etish borasidagi tuzuklardan iboratdir.

6-o`quvchi: -2-qismi esa 13 kengash, Jahongirning harbiy yurishlari to`g`risida qimmatli ma'lumot va tafsilotlarni o`z ichiga oladi. Tuzuklarni o`qirkanmiz Sohibqironga xos bo`lgan insoniy fazilatlarga, mard, jasurlik timsollariga havasimiz keladi. O`quvchilar Temur tuzuklaridan namunalar aytadilar:

-Kimki senga do`stlik qilsa, do`stlik qadrini unutma, unga muruvvat, ehson, izzat-u ikrom ko`rsat.

-Chin do`st uldurki, do`stidan hech qachon ranjimaydi. Agar ranjisa ham uzrini qabul qiladi.

-Bir kunlik adolat -yuz kunlik toat ibodatdan afzaldir.

-Og`zingga qon to`lsa ham , dushman oldida tupurma.

-Oltmishga kirgan otadan osh so`rama.

-Qilich o`tkir bo`lsa-da o`z sopini kesmaydi.

-Ot mingan otasini unutadi.

-Qudratimizga shak-shubhangiz bo`lsa, biz qurdirgan imoratlarga boqing.

7-o`quvchi:  Vatanimiz Mustaqilikka erishgandan bo`yon qanchadan-qancha ota-bobolarimiz, buyuk ajdodlarimiz nomi tiklandi. Shular qatorida Amir Temur bobomiz ham adolatparvar va qudratli saltanat egasi sifatida e'zozlandi.

8-o`quvchi:  Prezidentimiz I.A.Karimov1996-yilni  "Amir Temur yili" -deb e'lon qildilar. Mamlakatimizdagi noyob tarixiy yodgorliklar ta'mirlandi.1996-yil 18 oktyabr kuni Sohibqironning 660-yillik tavallud to`yi munosabati bilan Amir Temur nomi bilan atalgan xiyobonda buyuk  Sarkarda, davlat arbobi va u asos solgan temuriylar sulolasiga bag`ishlangan go`zal koshona-Temuriylar tarixi muzeyi ochildi. Toshkent, Samarqand va Shahrisabz shaharlarida ulug`  bobomizning haykallari ochildi.

9-o`quvchi: -O`zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov Shahrisabz va ro`yi zamin sayqali,  buyuklik maskani-Samarqand shahriga  "Amir Temur" ordenini topshirdilar. Endilikda Amir Temur nomi bilan bog`liq bo`lgan maktab, jamoa xo`jaligi, ko`cha va xiyobonlar hamda tarixiy muzeylar ham bu ulug` insonga yurtdoshlarimizning yuksak ehtiromi ramzidir.

10-o`quvchi: Buyuk sarkarda Amir Temur 1405 yil 18 fevralda O`tror shahrida vafot etdi. Sohibqiron bobomizni dunyo taniydi, u kabi ulug` odamlar bir umr oramizda yashaydilar.

Boshlovchi qiz: -Buyuk shaxslarni tarix yaratadi,-deydilar. Bunga qo`shimcha qilib, Sohibqiron bobomizning suronli hayotini xayol ko`zgusidan  o`tkazib, buyuk shaxslarni millat qayg`usi, xalq dardi yaratadi, deyish mumkin.

 

Yurtimning mard,  jasur, botir o`g`loni,

Sarbaland ko`tardi turkiy tuhroni.

Jahonga jahondek mag`rur bo`lg`oni,

Amir Temur bobom- podshohi olam.

 

O`gitin ma'nosi xo`p beadaddir,

Tuzuklari hamisha bizga madaddir.

Ota-bobolarga ruhi madaddir,

Amir Temur bobom, sarkarda bobom.

 

Dasturilamaldir siz bitgan hikmat,

Siz sajda qilgulik ulug`vor xilqat.

Siz-la o`sib borar g`ururim qat-qat,

Sizga bo`lgan hurmat cheksiz, beadad.

 

Boshlovchi yigit: -Aziz mehmonlar! Mana,  buyuk sarkarda Amir Temur bobomiz tavallud topgan kunga atalgan tadbirimiz ham o`z nihoyasiga yetdi. Biz tadbirda Jahongir bobomiz bosib o`tgan shonli hayot yo`lini,  ma'rifat, madaniyat obodonchilik borasida qilgan savobli ishlarini, mardlik va jasoratlarini o`zimizning chiqishlarimiz, she'rlarimiz, raqsu qo`shiqlarimiz,  sahna ko`rinishi va bobomiz tuzuklari orqali namoyon etishga harakat qildik. Shu orqali bu ulug` zotga hurmatimiz cheksizligini ifoda etdik. E'tiboringiz uchun rahmat.

 

 

Tadbir oxirida tashrif buyurgan mehmonlarga so`z beriladi.

Tadbir so`ngida tarixiy mavzu tarannumidagi biror qo`shiq, masalan "Sitora"guruhining "Ajdodlaring bor" qo`shig`i  namoyishi orqali yakunlanadi.

 

 Foydalanilgan adabiyotlar.

1.Narzulla Ahmedov. AmirTemur. Rivoyat va haqiqat.Toshkent.1996 yil.

2.I.A.Karimov.Sohibqiron Amir Temur haykalining ochilishiga bag`ishlangan tantanada 1993 yilning 31 avgustida so`zlagan nutqi." O`zbekiston ovozi",1993 yil,1 sentyabr'.

3.Ubaydulla  Uvatov. Sohibqiron Arab muarrixlari nigohida. Toshkent 1997 yil.

4.Temur tuzuklari. Forschadan Alixon Sohuniy va Habibullo Karomatov tarjimasi. Toshkent.1996 yil.

5.Ahmadali Asharov. Temur va Ulug`bek davri tarixi. Toshkent. 1996 yil

 

Категория: Ssenariylar | Просмотров: 8818 | Добавил: Azamat | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 1
1 hfgfhf  
2115436

Имя *:
Email *:
Код *:
Вход на сайт
Поиск
Календарь
«  Aprel 2014  »
DuSeChorPayJuShanYak
 123456
78910111213
14151617181920
21222324252627
282930
Архив записей
Друзья сайта
Copyright MyCorp © 2024